USMONLİ IMPERİYASİ DAVRİDA TİLNİ REJALASHTİRİSH VA MİLLİY O‘ZLİKNİNG BARPO ETİLİSHİ

Usmonli Imperiyasining so‘nggi davridan boshlab Turkiyada tilni rejalashtirish juda muhim rol o‘ynagan. Ma’lumki, Usmonli Imperiyasi ko‘p yillar davomida turli xil etnik guruhlar birga yashagan keng geografiyada hukmronlik qilgan.

Usmonli Imperiyasida ijtimoiy tuzilish qurilishida «millat» tizimi muhim o‘rin tutadi.Usmonli davlatida ishlatilgan «millat» so‘zining ma’nosi bilan uning hozirgi ma’nosi o‘rtasida farq bor (O‘rtayli, 1985, 996-bet). Usmonli imperiyasida «millat» tushunchasi «din», «mazhab» va «shariat» ma’nolarida ishlatilgan (Demir, 2011, 334-bet). Shunga ko‘ra, musulmon bo‘lmaganlarning tasnifi (ijtimoiy va siyosiy jihatdan) ular mansub bo‘lgan dinga asoslanadi. Imperiya ichidagi har bir din alohida millat hisoblangan. Usmoniylar davlati tayangan ijtimoiy va siyosiy tuzilish ushbu millat tizimiga muvofiq belgilangan (Eryilmaz, 1992, 11-bet).

Ko‘p millatli ijtimoiy tuzilishga ega bo‘lgan Usmonli imperiyasi o‘sha davr sharoitlari keltirib chiqargan ba’zi o‘zgarishlardan o‘z ulushini oldi. Evropadagi siyosiy va ijtimoiy o‘zgarishlar ko‘p yillar davomida birgalikda, hamjihatlikda yashashga muvaffaq bo‘lgan Usmonlilar jamiyatiga ortga qayta olmaydigan darajada o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Shunga ko‘ra, Frantsiya inqilobidan keyin o‘ziga keng ta’sir doirasini topgan millatchilik g‘oyasi Usmoniylar imperiyasida, ayniqsa Bolqon geografiyasida yashovchi musulmon bo‘lmagan ozchiliklar tomonidan qabul qilingan.

Usmonli hukmdorlari va ziyolilari ushbu vaziyatning davlatning kelajagi nuqtai nazaridan olib kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldindan bilib, davlatni saqlab qolish, uni birlashtirish va millat kontseptsiyasi orqali hayotini saqlab qolish uchun bir «shaxs» yaratishga intilishdi (Durgun, 2014) , s.7).Shu tariqa millatchilik oqimlari tomonidan hosil qilingan siyosiy va ijtimoiy g‘oyalarning imperiyaga ta’sirini kamaytirish ko‘zda tutilgan edi.

O‘zlikni barpo etish uchun, avvalo rasmiy rejalashtirishni amalga oshirish kerak edi. Rejalashtirish — bu muammoni hal qiladigan variantlarni tanlash va ushbu muammoning yechimiga e’tibor qaratishdir. Ushbu jarayon umuman olganda sa’y-harakatlarga asoslangan bo‘lib (İmer, 1998, 7-bet), bu jarayonda amalga oshirilgan birinchi rejalashtirish modeli «Usmoniylik» g‘oyasi edi. Bu g‘oya orqali ijtimoiy o‘zlikni yaratish va kamsituvchi millatchilik g‘oyalarining oldini olish maqsad qilib qo‘yiladi (Demir, 2011, 334-bet). Shunday qilib, «Usmonli millati» tushunchasi rasmiy mafkura sifatida qabul qilinadi.

1839 yilgi «Tanzimat farmonini» ushbu mafkurani amalga oshirishning birinchi bosqichi sifatida qabul qilish mumkin. Bundan tashqari, ushbu davrda siyosiy mansublikni ta’minlash uchun harakatlar qilingan. Jamiyatning barcha qatlamlariga «Usmonli millati»ning o‘ziga xosligini singdirish orqali parchalanishni oldini olishga harakat qilinadi.

1839 yilgi  «Tanzimat farmoni» Usmonli imperiyasi tarkibidagi ijtimoiy va lingvistik sohalarda bir qator o‘zgarishlarning boshlanishini belgilab berdi. «Tanzimat farmoni» e’lon qilinganidan so‘ng, 10-asrdan buyon Arab va Fors tillari ta’sirida bo‘lgan Turk jamiyati va Turklar G‘arb dunyosi g‘oyalariga yo‘naldi.

Shunday qilib, g‘arbiy dunyoda hukmronlik qilgan «millatchilik» va «ma’rifatparvarlik» haqidagi g‘oyalar Usmonli jamiyati va tiliga ta’sir qila boshladi (Imer, 1998, 44-45 betlar). Ushbu o‘zaro ta’sir jarayoni farqli millatlarning sadoqat inqirozini keltirib chiqardi. Usmonli davlat arboblari katta, aynı turdan bo‘lmagan imperiyani birga ushlab turish uchun sadoqat to‘g‘risida tushuncha yaratishga intilganlar (Mardin, 2012, 12-bet). Aynan shu sadoqat tuyg‘usiga xizmat qilishi maqsadida Usmoniylik siyosati rasmiy mafkura sifatida amaliyotga tatbiq etildi. Shu bilan birga, ijtimoiy o‘zlikni shakllantiradigan shaxsiy atniommalashtirish uchun «Usmonli millati» atamasi ishatila boshlandi. Bu millatning gapirgan va yozgan tili sifatida esa «Lisan-ı Osmani» (Usmonlilarning tili) atamasi paydo bo‘ldi. Keyinchalik bu atama «Usmonli turkchasi» deb nomlandi (Sado‘g‘lu, 2010, 62-bet). Yaratish va ommalashtirishga urinib ko‘rilgan ushbu til, Usmonli imperiyasini hosil qilgan jamiyat singari bo‘laklardan tashkil topgan edi. Ya’ni butil; Turk, Arab va Fors tillaridan iborat edi. Jamiyatni bir va birgalikda tutib, yana shu jamiyatga millat bo‘lish xususiyatini qozondiradigan til, millatlar tarixini har tomonlama shakllantirishda o‘z rolini oynaydi.

Masalan, «Vatan shoiri» nomi bilan tanilgan Namiq Kamol, umumiy tilning siyosiy o‘zlikni mustahkamlashini anglaydi, lingvistikva etnik farqlardan kuch oladigan millatchi-separatistik harakatlarni bostirishni o‘ziga maqsad qilib oladi (Sado‘g‘lu, 2012, 78-bet). Bu bilan birgalikda «Vatan shoiri» tilning siyosiy integratsiyaning eng katta maqsadiga xizmat qiladigan vosita ekanligini ta’kidlaydi. Adabiy tilni soddalashtirish — Namiq Kamolning asosiy maqsadi edi. Namiq Kamol Arab va Fors tillaridan tashkil topgan uslub o‘rniga jamoatchilik tushunadigan sodda tildan foydalanishni tavsiya qiladi (Levend, 1972, 114-bet). Tilni soddalashtirish uchun esa Arab va Fors tillaridan Turk tiliga o‘rnashib qolgan so‘zlardan tashqari bo‘lgan so‘zlarning tildan chiqarilishi va til qoidalari tartibga solish kerakligi ta’kidlanadi. Shunga ko‘ra, yozish paytida ishlatiladigan jimjimador tildan voz kechish va yozma til bilan so‘zlashuv tilini birlashtirish kerak bo‘ladi (Sado‘g‘lu, 2010, 78-bet; Levend, 1972, 115-bet).

XIX-asrning ikkinchi yarmi Turk tilning rivojlanishi uchun muhim davr hisoblanadi. Bu davrda gazeta vajurnallar nashr etila boshlandi va Turk tilini ommaga tushunarli bo‘lishi uchun ahamiyat berila boshlandi. Usmonli tilini soddalashtirish tushunchasi gazeta va jurnallarning chop etilishi bilan bir oqim holiga kela boshladi. Boshqacha qilib aytganda, yozma ommaviy axborot vositalarining tarqatilishi jamiyatda aloqa muammosi mavjudligini ham ma’lum qilib berdi. Ushbu muammoni bartaraf etish uchun XIX-asrning ikkinchi yarmida «Tesvir-i Efkar», «Muhbir», «Ulum», «Hurriyet», «Basiret»,»Tercüman-ı Hakikat», «Dağarcık», «Hafta» va boshqa gazeta va jurnallarda «Usmonli tilini takomillashtirish» mavzusidagi maqolalar chiqa boshladi. Bundan tashqari, «Takvim-Vekayi» nashr etila boshlagandan so‘ng, yozma tilda tobora soddalashib borish kuzatilgan (Imer, 1998, 45-46 betlar). Ushbu yo‘nalishda umumiy tilni yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlar «Usmonli millati» yaratilishining asosiy tuzilishi sifatida qabul qilingan bo‘lsa-da, bu kechikkan takomillashtirish turli etnik guruhlar orasida qabul qilinmaydi. Millatchilik g‘oyasining kuchli ta’sir doirasiga ega bo‘lishi va Bolqon davlatlarida keng tarqalishi Usmoniylar imperiyasi tarkibidagi etnik guruhlarning mustaqillikka intilishini kuchaytirdi.

31 mart voqeasi «Usmoniylık» g‘oyasiga yakun yasaydi. Vaqt o‘tishi bilan davlat safida xizmat qilayotgan g‘ayridinlar uchun milliy o‘zligini himoya qilish yo‘lidagi to‘siqlarning olib tashlanishi va tegishlilik tuyg‘usining pasayishi ijtimoiy integratsiya va hamjihatlikni imkonsiz qilib qo‘ydi.

Tanzimat islohotlari kerakli, maqsadli «Usmonli xalqini» yaratish uchun ham yetarli bo‘lmay qolgan edi. Bu harakatlardan so‘ng Bolqon urushlari natijasida «Usmoniylik» g‘oyasidan tamoman voz kechildi (Durgun, 2014, 150-bet; Kuran, 1992, 221-bet). Hatto, «Usmoniylik» g‘oyasi keyinchalik Yusuf Akchura va Ziyo Go‘kalp singari ziyolilar tomonidanTurk milliy o‘zligining shakllanishiga zarar yetkazganligi sababli tanqid qilindi (Demir, 2011, 343-bet). Vaqt o‘tishi bilan ushbu tanqidlar Turk o‘zligini yaratish uchun Turk tilining ahamiyatiga yo‘l ochib berdi. Shu nuqtai nazardan, Turk tili va Turkizm (turkchilik) tushunchasi o‘rtasida yaqin munosabatlar mavjud. Ushbu jarayondan so‘ng Usmonli davlat arboblari va ziyolilari najot vositasi sifatida Turkchilikka alohida ahamiyat bera boshladilar.

1908-yilning oxiridan boshlab Turk ziyolilari, ayniqsa, Rossiyadan kelgan Turk ziyolilari Istanbulda uyushmalar tuzib Turkchilik ishlarini boshlab yubordilar. 1910-yilda boshlangan «Yeni Lisan Hareketi» (yangi til harakati) ham «Genç kalemler Dergisi» vositasi ila Turkchilik harakatlarini yoyaboshlagan edilar (Oba, 1994, 207-bet).

Usmoniylar harakatiga qarshi boshlangan bu munosabat ham Turk tili va shuning bilan birga Turkchilikning rivojlanishiga olib keldi. Bu davrda, xususan, soddalashtirish va jamiyatni milliy ong va til tushunchasi bilan birlashtirish va o‘zlik yaratish borasidagi sa’y-harakatlar birinchi o‘ringa chiqdi.

Vaqt o‘tishi bilan Turk tili, Turk tarixi va qardosh turkiy tillarga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borishi, haqiqiy o‘zlik haqidagi munozaralarni kuchaytirdi. Muhokamalar asosanUsmoniylar, İslom tarafdorları (islomiylar) va Turkchilar o‘rtasida kuchaygan edi. Buning natijasi o‘laroq qaysi erkinlikning boshqalardan oldinda kelishi, qabul qilinishi va tilning mohiyatini belgilaydigan masala paydo bo‘ldi. Bu aslida o‘z-o‘zini tanish va imperiyaning haqiqiy o‘zligini ochib berish bilan bog‘liq masala edi. Shu jihatdan tilmasalasidagi munozaralarning aksariyati eng boshda til – milliy madaniyatning asosi bo‘lishi kerak, degan fikr atrofida birlashotgan edilar. Shu sababli, til munozaralarida millat o‘zini saqlab qolishi uchun tilni saqlash va rag‘batlantirishga urg‘u berilgandi (Kushner, 1979, 95-96-betlar).

Bu borada Shamsiddin Sami shunday degan edi: «Har bir millat va ummat, xoh katta, xoh kichik, xoh kuchli, xoh zaif bo‘lsin, uning ma’naviy borlig‘ini sog‘lomlashtirib mustahkamlashga harakat qilishi kerak. Qabila va irqongining belgisi barcha shaxslarning umumiy mulki va ular gapiradigan tildir. Bir tilda so‘zlashadigan xalq, bir qavm xizmat va bir irqni tashkil etadi. Shu sababli, irqning majvudligini taminlashni istagan har bir millat va ummat, birinchi navbatda o‘z tillarini to‘g‘rilash, yo‘lga solish, rivojlantirishga, so‘z va qoidalarini, maxsus taraflarini topishga va o‘rganishni tashkil etish ila mukammallashuviga xizmat qilib, ilm, fan va turli xil san’atga oid kitoblar va ajralib turadigan adabiy asarlar bilan boyitishga qarzdordir» (Shamsiddin Sami; Kushner tomonidan keltirilgan, 1979, 96-bet).

Mustaqil bir Turk millati tushunchasining tobora muqimlashib, keng tarqalib borayotganligi bu tilni bundan buyon «Turk» tili deb atash g‘oyasini keltirib chiqaradi. Mukammal bir Turkchaning barpo etilishi esa til tuzilishi, so‘z boyligi, imlosi va talaffuzining asl Turk qoliplariga mos bo‘lishini talab qilar edi. Chunki Turk o‘zligini himoya qilish uchun turklarning haqiqiy tillarini himoya qilishlari va targ‘ib etishlari muhim ahamiyatga ega, deb qabul qilingan edi. Hatto bu borada ko‘rsatiladigan ojizlik, dangasalik yoki beparvolik ham «mahv-i millat» (millatning yo‘q bo‘lishi) bilan tenglashtirilgan edi(Kushner, 1979, 97-bet).

Shu munosabat bilan Usmonli Imperiyasining songgi davrida Turk o‘zligining o‘zlashtirilishi va milliy ongga qaytish harakatining keng qabul qilinishi, Turk milliy tirikligining (yashovchanlik) o‘rnatilishi uchun umumiy til islohoti zarur, degan g‘oya paydo bo‘ladi. Tilda islohotni ilgari surganlar, yangi turkiy adabiyotning asosi sifatida Istanbul turkchasini qabul qiladilar. Qadimgi turkchani qayta tiklash, yoki Chag‘atoy tilini (XV-asrdan XX-asrgacha qo‘llanilgan til) tanlash istisno qilingan.

Shamsiddin Sami, Istanbul turkchasini asos qilib olish kerakligini ta’kidlab, «Istanbul turkchasini Turk tiling qaymog‘i va guli sifatida qabul qilishimizni talab qiladigan narsa bu uning tuzilishi, talaffuzi, ravshanligi va nafisligidir», degan edi (Kushner, 1979, 114-115-betlar). Xulosa qilib aytganda, Usmoniylar davlatida uzun yillar davom etgan til islohoti va boshqa ayniyat modellarining raqobatlasha olmasligi tufayli ko‘zga ko‘ringan milliy o‘zlik modeli rasmiy millatchilikning tug‘ilishiga olib keladi. Shu o‘rinda aytish mumkinki, Usmoniylar boshqaruvining turkizmga (turkchilik) yondashuvi til tufayli bo‘lgan. Bundan tashqari, «Kanuni-i Esasi» (Asos qonun) da 1876 yilda e’lon qilingan va turk Tilining ahamiyatini yoritib beruvchi maqolalar, tilning millat qurilishidagi o‘rni borasida qilingan sa’y-harakatlarning yaxshi namunasidir.

«Kanun-i Esasi»dagi maqolalarda va davlat ishlarida turkchaning hukmronlik qilishni maqsad qilgan, ko’p yillar davomida etnik guruhlar birga yashagan davlatga Usmonli «o’zligini» olib kirish yo‘llari Turk tilining ustun mavqega ega bo‘lishi yo‘lida qidirilgan.

Shunga asoslanib, milliy o‘zlikning qayta kashf etilishi va asosiy boshlang‘ich nuqtasining XIX-asr va XX-asrning boshlarida, oz sonli insonlarning bir ideal atrofida jamlanib fikr qila boshlagan payti, deb aytish mumkin (Georgeon, 2006, X-bet). Turkologiyaning XIX-asrning ikkinchi yarmidan boshlab rivojlanishi Usmonli ziyolilarining Turk tilining imkoniyatlarini o‘rganishlarida muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, bu davrda Turk tilini soddalashtirish bo‘yicha tadqiqotlar va Turk grammatikasiga oid kitob va lug‘atlarni chop etishishlari ham keng ko‘lamda olib borildi (Yildirim, 2014, 78-bet). «Millat» tushunchasi ta’rif etilishi bilan birgalikda tilning ahamiyati haqida izohlar ham rivojlantirildi.

Bu borada Ziyo Go‘kalpning «millat» ta’rifi tilning ahamiyatini ta‘kidlaydi. Go‘kalpning fikriga ko‘ra, millat «Bir xil tilda gapiradigan, bir xil ta’limga ega bo‘lgan va din, axloq va estetika ideallarida birlashgan — qisqasi, umumiy madaniyat va dinga ega bo‘lgan insonlar guruhidir» (Ziyo Go‘kalp, Xeyd tomonidan keltirilgan,1950, 60-bet).

Shu nuqtai nazardan Go‘kalp ijtimoiy o‘ziga xoslik (o‘zlik) va til o‘rtasidagi birlikni o‘rnatadi. Go‘kalp bu umumiylikni «Beshikda allalarla boshlangan tilga bo‘lgan muhabbatni ta’kidlash bilan izohlaydi: Millat na irq, na xalq, na jo‘g‘rofiy, na siyosiy yoki na da ixtiyoriy guruh emas. Millat — til, din, axloq va ma’naviyatda keng tarqalgan va bir xil ta’lim olgan shaxslardan tashkil topgan guruhdir» (Ziyo Go‘kalp, Ko‘so‘g‘lu tarafidan keltirilgan, 2002, 210-bet). Shunga ko‘ra, turkchilikning madaniy ma’noda millatchilikning asosiy omiliga aylanishiga, so‘zlashuv tiliga yaqin lingvistik turkizmni (turkchilikni) soddalashtirish orqali erishildi (Karpat, 2004, 207-bet).

 

Turk tili inqilobi, Til siyosati va Milliylik

Siyosiy to‘qnashuvlar, parchalanish, mag‘lubiyatlar, harbiy to‘ntarishlar, konstitutsionizm boshqaruvining sinab ko‘rilishi, Konstitutsiyaning to‘xtatilishi va pirovardida Birinchi Jahon urushining natijalari… Hodisalar, ijtimoiy o‘zgarishlar, urushlar, o‘sib kelayotgan avlodlar, taraqqiy etayotgan dunyo… Ushbu sharoitda o‘sib, rivojlanayotgan millat ongi … Oxir oqibat, «millat bo‘lish ongining tarix sahnasida ushlab turish – najotning umumiy vositasi», degan fikrning ustun kelishi…Va tarix sahnasiga chiqqan yangi bir davlar: Turkiya Jumhuriyati…

Mustaqillikka erishganTurkiya zamonaviy sivilizatsiya hamjamiyatiga a’zo bo‘la olish uchun dastlab Respublika rejimini qabul qildi, keyinchalik esa madaniy va ijtimoiy islohotlarning yordami bilan «kam vaqt ichida buyuk ishlar» bajarishga yeng shimarib kirishadi. Yangi tashkil etilgan davlat vatandoshlarini birga va tik tutishdan tashqari, milliy ongni kuchaytirish katta ahamiyatga ega edi. Shu nuqtai nazardan, Turkiya Respublikasida har doim til, alifbo va islohotlar ajralmas, bir-biriga chambarchas bog‘liq edi. Bundan tashqari, Turk Tili Inqilobi millat bo‘lish va ijtimoiy o‘zlikni qo‘lga kiritish ongi joylashtirilgan islohotchilik harakati sifatida ham e’tiborni o‘ziga jalb etadi.

Benedikt Anderson»Til» haqida «Oshiq uchun ko‘zlar qanchalik ahammiyatga ega bo‘lsa Vatanparvar uchun til shunchalik muhimdir», degan edi. Bizning davrimizda bir-biriga eng yarashgan, eng mos va eng kuchli juftlik – til va millat juftligidir (Dieckhoff, 210, 179-bet). Shunga ko‘ra, til Turkiyada tom ma’noda millat qurish maqsadiga xizmat qilgan, buning uchun yetilish va qo‘llanish davrini o‘z boshidan kechiradi.

Otaturk 1924 va 1928 orasida lotin alifbosiga o’tish bosqichida bir qator yetuk tadqiqotlar o‘tkazdi. Shu maqsadda «Til Kengashi» tashkil etiladi. Kengash rasmiy ravishda 1928 yil 26-iyunda Anqarada ish boshlaydi. Ushbu muassasa orqali alifboni o‘zgartirish infratuzilmasi yaratiladi (Tarim, 2013, 99-bet). Lotin alifbosiga o‘tish uchun asos solish maqsadida tashkil etilgan ushbu til qo‘mitasi yangi alifbo to‘g‘risida ijobiy hisobot beradi. Til qo‘mitasining ijobiy hisobotidan so‘ng Otaturk yangi harflardan foydalanishni fuqarolik va vatanparvarlik burchi deb ataydi (O‘zdo‘g‘an, 2015, 246-bet).

Otaturkning yangi turk harflarini bu darajada o‘ziga yaqin qabul qilishi va ularni birlashtiruvchi unsur sifatida ko‘rishining ortida aslida millatparvarlik tushunchasi yotar edi. Shunga ko‘ra, Otaturk Renanning tezislari va millat bo‘lish shartlari haqidagi fikrlaridan ta’sirlangan. Millat bo‘lish shartlarini o‘rganib chiqqan Renan, qahramonliklarga to‘la o‘tmish, buyuk rahbarlarga ega bo‘lish bilan birga din, til yoki irq bilan belgilanadigan g‘alabalarnining zarurligi haqida eslatib o‘tadi (Renan, [1882], 1994, 17-bet).

Shu nuqtai nazardan, Turk Harf Inqilobining asosiy jihati,ijtimoiy o‘zlikni yaratish bilan bevosita bog‘liq, deyish xato bo‘lmaydi. Milliy davlat yaratish maqsadida umumiy madaniyat va tilning yaratilishi yosh Respublika uchun, davlatning milliy tuzilishini mustahkamlash uchun zarurdir. Shu nuqtada Millatlar o‘z tafakkur shakllarini rivojlantirish va ifodalash maqsadida o‘z tilining shakllarini belgilab oldilar (Akarsu 1981, 829-bet).

Yosh Turkiyaning Harf Inqilobi ham shu doirada shakllanadi. Harf Inqilobi milliy til birligini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yish bilan birga Turkiya Respublikasining boshlangich davrida madaniy birlikni yaratishda qo‘llaniladigan vosita vazifasini bajardi.

Usmonli Imperiyasidan meros bo‘lib qolgan ko‘p millatli, ko‘p dinli, ko‘p tilli tuzilmaning Respublika rejimiga mos emas, degan fikrga asoslanib, Harf Inqilobi yangi tashkil etilgan davlatning milliy yaxlitligini mustahkamlash uchun majburiy bo‘lib qoldi, deyish ham mumkin (Savashkan Akdog‘an, 2010, 39-bet).

Turk Tili Inqilobi har tomonlama yangi tashkil etilgan Respublikaning asosiy xususiyatlaridan biriga aylandi. Yuz yillar davomida qo‘llanilib kelingan, Islomiyat bilan birlashib ketgan Usmonlichaning kundalik va rasmiy tildan tozalanishi bir navi mustaqillik bilan barobar kapitulyatsiyalardan xalos bo‘lish bilan tenglashtirildi (Korkmaz, 2009: 1469-1480 betlar).

Arab va Fors tillari ta’sirida bo‘lgan rasmiy til,vaqt o‘tishi bilan jamoatchilikdan uzilib, o‘ziga xos bezalgan tuzilishga ega bo‘ldi, degan tushuncha intelektual segment bilan xalq o‘rtasida to‘siq paydo bolishi oylantirib qoyadi va Turk Harf Inqilobi bilan buning oldini olishga harakat qilinadi.

Turk tilining tovush tuzilishi bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilingan, turkiylashtirilgan lotin alifbosida Yevropa xalqlarining yozuvlarida qo‘llaniladigan «sh», «ch», «sch», «tsch» kabi ikkili, uchli va to‘rtli harfli komponentlaridan foydalanilmaydi.

Bir harfli yozish tizimi bilan Lotin alifbosidan foydalanadigan boshqa millatlarning o‘ziga xos xususiyatlari aniqlanadi. . «Ç», «ş», «j», «ğ» harflarinining tilga moslashtirilishi va, «ö», «ü», «i» harflarining hosil qilinishi bilanTurk alifbosi yaratilishida boshqa alifbolarni taqlid qilmaslikka harakat qilinadi. (Ko‘rkmaz, 2009, 1474-bet).

1928-yil 8-9 avgust payshanba kechasi Otaturkning o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadiganTurk alifbosi qabul qilinishidan oldin qilgan nutqi alifbo inqilobining ijtimoiy o‘zlikning ahamiyatini aniq ko‘rsatib beradi:

«Agar millatning yoki jamiyatning o‘n foizi o‘qishni va yozishni bilsa-yu, qolgan 90 foizi bilmasa, bu sharmandalikdir. Bundan inson bo‘lganlar uyalishlari kerak. Bu millat uyalish uchun yaratilgan millat emas; o‘z tarixini g‘urur bilan to‘ldirib, faxrlanish uchun yaratilgan millatdir! Ammo millatning sakson foizi savodsiz bo‘lsa, bu bizning aybimiz emas. Asl aybdorlar Turkning fe’l-atvorini tushunmay, bu millatning boshini zanjirlarga bog‘lab yurganlardir. O‘tmish xatolarini yo‘q qilish vaqti keldi. Biz xatolarni tuzatamiz «(Otaturk, 1952, 253-bet).

Yuqoridagi nutq Otaturkning milliy kurash davrida boshlangan to‘la mustaqil davlat tuzish va davlatni zamonaviy sivilizatsiyalar cho‘qqisiga olib chiqish maqsadlarining ko‘zgusidir. Shunday qilib, yangi turk alifbosi Arab va Fors tillarining ustunligini yo‘q qilish orqali Turk tilining hukmronligi va rivojlanishiga yo‘l ochadigan mustahkam vositadir.

Ushbu mustahkam vosita Otaturkning so‘zlari bilan aytganda «Har qanday rivojlanishning birinchi asosi» sifatida qabul qilinishi kerak. Shu nuqtai nazardan, Turk alifbosi har bir inson uchun osonroq o‘rganish ufqini ochdi. Ushbu ufqni kengaytirish uchun maktablarda va «Millat maktablari»da o‘qish va yozish muammo bo‘lmay qoldi. Lotin alifbosi qabul qilinishi bilan din asosida idrok etiladigan alifbo g‘oyasi yo‘q qilindi va alifbo madaniy vositaga aylantirildi.

Bulardan tashqari, yozish va o‘qish oson bo‘lgan lotin alifbosi tufayli Turk jamiyatining oyoqqa turishi va rivojlanishi osonlashdi.

Arab alifbosi qo‘llanilgan davrda ziyolilarning cheklangan segmentigagina murojaat qilgan ta’lim qishloq joylarini o‘zichiga oladigan darajada kengaydi va yanada qamrovchi ko‘rinishga ega bo‘ldi. Ushbu holat jamiyatning barcha qatlamlari uchun iqtisodiy rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Lotin alifbosini qabul qilish va sistematik bir shaklda tarqatish bilan Turkiya Respublikasi G‘arb dunyosi bilan integratsiya bosqichiga kirdi. Bu esa yosh Turk davlatining G‘arb dunyosidagi siyosiy qiyofasini ijtimoiy va madaniy nuqtai nazardan ham takomillashtirib yuborgan omil bo‘ldi (Ko‘rkmaz, 2009, 1477-1479-betlar).

Turk jamiyatining ijtimoiy va madaniy taraqqiyoti va Turk Harf Inqilobining Turk o‘zligining o‘zlashtirilishiga misol sifatida o‘sha paytdagi Britaniya matbuotida berilgan quyidagi baho misol bo‘la oladi:

«Turklar har tomonlama madaniy safarbarlikni boshladilar. Prezident Mustafo Kamol shaharma shahar, qishloqma qishloq yurib, qo‘lida bo‘r bilan yozuv tahtasining yonida baqqolga, qassobga, ishchiga, erkakka, ayolga o‘qish-yozishni o‘rgatmoqda… Dunyo hech qachon bir prezidentning o‘z qo‘li bilan odamlarga o‘qish va yozishni o‘rgatganini ko‘rmagan» (O‘ner, 2008, 2-bet). Keng qamrovli va puxta rejalashtirilgan «Turk Harf Inqilobi» o‘z oldiga Turk jamiyatini birlashtirib, yagona Millat qilishni maqsad qilib qo‘ygan edi.

Ko‘p millatli, ko‘p tilli, ko‘p dinli va ko‘p madaniyatli bir imperatorlikning merosi bo‘lganTurkiya davlati milliy davlat bo‘lish yolidagi ilk qadamini Harf Inqilobi bilan birga qo‘ydi.

Shunuqtai nazardan, lotin alifbosining qabul qilinishi bilanTurk jamiyatiga xos bo‘lgan fonetik xususiyatlarning kiritilishi bilan bir qatorda, Turk jamiyatiga xos harflarning alifboda aks etishi ham Turk harflarining o‘ziga xos xususiyatiga ega bo‘lishini ta’minladi. Ham rasmiy, ham kundalik tillarda Arab harflaridan foydalanishni bekor qilish bilan yuzini G‘arbga burdi.

Turkiya Respublikasining asoschisi Otaturk ham bu borada aniq fikrlarni bildirgan edi: «Til va milliy tuyg‘u o‘rtasida juda kuchli aloqalar majvud. Tilning milliy va boy bo‘lishi milliy tuyg‘uning rivojlanishida asosiy muassasa hisoblanadi». Aksincha, o‘z tilini e’tiborsiz qoldirib, ustida ishlamaydigan va rivojlantirmaydigan xalqlar begonlarning ta’sirlariga osonroq bo‘ysunadilar va ajnabiylarning bosimlarini yanada yaqqol va og‘ir his qiladilar. Otaturk milliy borliqni qo‘llab-quvvatlashning eng katta asosi til ekanligini ta’kidlaydi. Chunki kuchli millatlarning kuchli tillari bor va kuchli til kuchli millatni yaratishda eng katta omildir. Shu nuqtai nazardan, eng muhimi, ongli ravishda kuchli tilni qayta ishlash va rivojlantirishdir (Hatipo‘g‘lu, 1973, 12-bet).

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Akarsu, B. (1981). Insonning tarixiyligi va til. «Turk tili va adabiyoti» Jurnali XLII

(354), 825-829

  1. O‘rtayli, I. (1985). Usmonli Imperatorligida Millat, Istanbul.
  2. Demir, Sh. (2011). Tanzimat davridagi davlat siyosati sifatida -Usmoniylik.

Turkshunoslik Jurnali, (29) 331-348.

  1. Eryilmaz, B. (1992). Usmoniylar Imperiyasida Millat Tizimi. Istanbul: Ag‘ach

nashriyoti.

  1. Durgun, Sh. (2014). Millat qurilishi va millatchilik. Anqara: Binyil nashriyoti.
  2. Imer, K. (1998). Turkiyada tilni rejalashtirish: Turk tilidagi inqilob. Anqara:

Madaniyat vazirligi nashrlari.

  1. Mardin, Sh. (2012). Turk modernizatsiyasi-Maqolalar. (21-nashr). Istanbul: Iletishim

nashrlari.

  1. Sado‘g‘lu, H. (2010). Turkiyadagi millatchilik va til siyosati. Istanbul: Istanbul Bilgi

universiteti nashrlari.

  1. Oba, A.E. (1994). Turk millatchiligining tug‘ilishi. Anqara: Imge nashriyoti.
  2. Kushner, D. (1979). Turk millatchiligining tug‘ilishi, (S. S. Turet, R. Ertem va

F.Erdem, tarjimalari.). Istanbul: Kervan nashrlari.

  1. Gerogeon F. (2006). Turk modernizatsiyasi, 1900-1930 yillar. (A. Berktay, tarjimasi).

Istanbul: Yapı Kredi nashrlari.

  1. Yildirim, E. (2014). Turkiyadagi millatchilik va milliy o‘ziga xoslik: millat-

davlatlashtirish jarayonida turkchilik va Turk milliy o‘ziga xoslikni kashf etish. The

Journal of Academic Social Science Studies, (28), 73-95.

  1. Karpat, K. (2004). Studies on Turkish Politics and Society: Selected Articles and

Essays. Leiden, Boston: E.J. Brill.

  1. Korkmaz, Z. (2009). Alifbo inqilobining Turk jamiyatiga ijtimoiy va madaniy ta’siri.

Turkish Studies International Periodical for Languages, Literature and History of

Turkish and Turkic, 4 (3), 1469-1480.

  1. Dieckhoff, A. Va Joffrelot, C. (2010). Millatchilikni qayta ko‘rib chiqish. (D.

Chetinkasap, tarjimasi). Istanbul: Iletishim nashrlari.

  1. Tarim, R. (2013). Otaturk ve Turk Tili. Turkish Studies-Inernational Periodical fort

he Languages, Literature and History of Turks and Turkic, 8 (9), 95-103.

  1. Otaturk, M.K. (1952). Otaturkning ma’ruzalari va bayonotlari II. Anqara: Turk

inqilobi tarixi instituti nashrlari.

  1. O‘ner, M. (2008). Otaturkning yozuv inqilobi. Turk tili uyushmasining 80 yilligiga

bag‘ishlangan Harf inqilobi panelida taqdim etilgan hujjatlar, (27/10/2008), 1-5.

  1. O‘zdo‘g‘an, M. (2015). Turkiyada millat qurilishi va til inqilobi (1839-1936).

«Akademik Hassasiyetler» Jurnali, 2, 227-262.

  1. Renan, E. ( [1882], 1994). Qu’estce qu’une Nation?. The Question of Definition:

Nationalism, (J. Hutchinson ve A. D. Smith, Ed.) Calmann-Levy: Paris, Oxford:

Oxford Universty Press.

  1. Savashkan Akdog‘an, N. (2010). Zamonaviy milliy davlatga aylanish yo‘lida xarf

inqilobining qo‘llanilishi. «Amme idaresi» Jurnali, 43 (3), 33-59.

  1. Hatipo‘g‘lu, V. (1973). Respublikaning elliginchi yilida o‘lmas Otaturk va til inqilobi.

Anqara: Turk tili muassasasi tanituv nashrlari.

 

Zamira O‘zturk

Falsafa Fanlari Doktori,
Turkiya Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tarjimoni.

Anqara/Turkiya

+3